🔥 Burn Fat Fast. Discover How! 💪

​​Madaminbek tavbasi kimga kerak edi? Tarix xatolar takrori, | «Аkademnashr» nashriyoti

​​Madaminbek tavbasi kimga kerak edi?

Tarix xatolar takrori, ayni vaqtda, parallellardan ham iborat. Shu kunlarda Ukrainada bo‘layotgan voqealar menga yaqin o‘tmishimizdagi ayrim voqealarni tez-tez yodimga tushiryapti. Ular haqida yozdim. Xususan, Turkiston muxtoriyatini ag‘darish ham o‘ziga xos maxsus amaliyot bo‘lgani, uning o‘rniga sho‘ro hukumati o‘rnatilgani, milliy-istiqlolchilik harakati...

Yana bir voqea xayolimdan o‘taveradi. Siyosat shunday narsaki, xohlasa tarix charhpalagini teskari aylantiradi, qora oq, oqni qora, deb ko‘rsatadi. Unutmasligimiz kerakki, siyosatni g‘oliblar yuritadi, demak, tarixni ular yozadi!

1920 yil yanvarda Farg‘onadagi sho‘ro qo‘mondonlari o‘sha vaqtlarda qo‘rboshilarga bosh bo‘lgan Madaminbek huzuriga elchi yuborib, sulh tuzishni taklif etadi. Taklif Madaminbek uchun ayni muddao edi. Sababi, 1919 yil kuzi va qishidagi janglarda Madaminbek ketma-ket yengilgan, qo‘shin ta’minoti uzilgan, ustiga-ustak, qish juda qattiq kelib, sovuq zo‘ridan teraklar ham yorilib ketgan qahraton kunlar.

Madaminbekka fursat yutish uchun zo‘r imkoniyat edi. Bu haqda sho‘ro qo‘mondonlarining ma’lumotlari arxivlarda saqlanib qolgan. Bir necha oy cho‘zilgan muzokaralar bahor boshlarida Marg‘ilonda ikki tomonning uchrashuvi bilan nihoyalanadi. Musulmon qo‘shin tomondan Madaminbek, sho‘ro hukumati tomonidan esa Nikolay Andreyevich Verevkin-Raxalskiy boshchiligidagi delegasiyalar yuzlashadi. Verevkin-Raxalskiy keyinchalik general-leytenant darajasiga yetadi, 1984 yilda vafot etadi.

O‘sha muzokarada sho‘ro tomoni Madaminbekdan tavba qilishni so‘raydi. Ayrim manbalarga ko‘ra, buni talab qilgan kishi sho‘rolar tomonida muzokaralarda ishtirok etgan N.Xo‘jayev edi. Madaminbek o‘shanda hammaga mashhur bo‘lib ketgan (afsus, buni hozir buni biz bilmaymiz!) gaplarni aytadi (ma’nosi):

“Men nima uchun tavba qilishim kerak? Men yurtimni, xalqimni himoya qildim. Qo‘qon muxtoriyatini qonga botirganlarga qarshi kurashdim. Menga o‘xshagan dilida din va millat dardi bor yigitlarga bosh bo‘ldim. Tavbani men emas, yurtimga bostirib kelganlar, begunoh odamlarni o‘ldirganlar, qishloqlarni kuydirganlar, ayollarni zo‘rlaganlar, chaqaloqlarni nobud qilganlar, dehqonning uyidagi oxirgi donini tortib olganlar tavba qilishi kerak! Birortangiz Farg‘onaning biror qishlog‘iga boringchi, odamlarni sizlarni ko‘rib qochadilar. Biz borsak odamlar bizni qarshilash uchun ko‘chalarga chiqadilar. Uyida bir siqim uni yo‘q, lekin mehmon qilish istagida yonadilar. Qotilligingiz bilan qanoat hosil qilmay armani dashnoqlarni xalq ustiga yugurtirdingiz, dashnoqning qonsiragan hanjari bilan xalqning qonini oqizdingiz, buning uchun kim tavba qilishi kerak? Xalqning ustiga bosganlarmi yoki bosganlarning yo‘lini to‘sganlarmi?..”

Madaminbekning vajohatini ko‘rgan Verevkin-Raxalskiy vaziyatni yumshatmoqqa urinadi:

“Madaminbek aytgan ishlar bo‘lgani to‘g‘ri... Sho‘ro idoralariga ayrim nopok kimsalarning qo‘shilgani ham rost. Biz ularni idoralarimizdan haydadik... Tavba qilish haqida gapirish ortiqcha...”

Madaminbek tavba qilishi sho‘ro hukumati targ‘iboti (propagandasi) uchun juda kerak edi. Madaminbekning so‘zlarini e’lon qilishib, “mana, ko‘rdinglarmi, Madaminbek tavba qildi!” deb gazetalar, varaqalar nashr etib, xalq tasavvurida bosmachi Madaminbek qiyofasini yaratish rejasi bor edi.

Madaminbek sho‘rolarning hiyla-nayranglariga uchmadi. Mohiyatan, u haq edi. U bosmachi ham, kallakesar ham emasdi. Bosmachi sho‘ro hukumatining o‘zi edi.

Mana shu voqeani tafsilotlari bilan o‘rganganimdan so‘ng (majlis stenogrammasi saqlanib qolgan, adashmasam, “Sharq yulduzi”da e’lon qilingandi) “Madaminbek. Qonli gullar vodiysi” romanimga kiritgan edim.

Nega bu tarixni eslab qoldim?

Biz yaqin tariximizni bilishimiz kerak. Bizga ko‘p narsalarni o‘rgatadi. Bu tarixni qaytarilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz shart. Buning uchun esa ma’nan qurollangan bo‘lishimiz talab etiladi.

Baxtiyor Abdug‘afur

Xarid: @akademsavdo

Telegram | Instagram | Facebook