🔥 Burn Fat Fast. Discover How! 💪

​​«BEHBUDIYA» KUTUBXONASI ... Kutubxonani tashkil etish, gene | «Аkademnashr» nashriyoti

​​«BEHBUDIYA» KUTUBXONASI

... Kutubxonani tashkil etish, general- gubernatorlikdan ruxsat olish oson bo‘lmagan. «...Nikolay davrida kutubxona ochmoq, - deb yozgan edi Hoji Muin, - nashr qilmoqdan ham qiyin edi. Shuning uchun Nikolay taxtdan tushgungacha Toshkand va Qo‘qon kabi markaziy shaharlarda mutolaaxonalar muyassar bo‘lmadi.
Lekin Mahmudxo‘janing sabotkorona g‘ayrati bilan 1908 yil may oyinda mutolaaxona jamiyatining nizomnomasi tasdiq qilinub, sentyabr oyinda rasman ochildi».

Yana shu manbadan ma’lum bo‘lishicha, Turkistonda nashr etilgan har turli kitoblardan tashqari kutubxonaga «Rusiya, Istanbul va Misr matbuoti» ham keltirilgan. Kutubxona «1919 yilgacha xalq ionasi bilan davom qilib, mazkur sanadan (ya’ni Behbudiy qatl qilingandan keyin – N.K.) maorif shoʻbasining qo‘liga o‘tgan».

Keyinchalik «Behbudiya» kutubxonasi nomi bilan mashhur bo‘lgan mutolaaxona ikki smenada (ertalab soat 9 dan 5 gacha va kech soat 6 dan 12 gacha) ishlab, 60 dan 110 nafargacha bo‘lgan kishilarga madaniy xizmat ko‘rsatgan.

Behbudiyning «Samarqand
kutubxona islomiyasi» («Turkiston viloyatining gazeti», 1908 yil noyabr) degan maqolasidan ma’lum bo‘lishicha, kutubxona jamg‘armasida to‘plangan kitob va risolalar o‘sha kezlarda 600 ta, gazeta va jurnallar esa undan ham ko‘p bo‘lgan.

Behbudiy agar pul ko‘paysa, diniy va dunyoviy kitoblarni yanada ko‘proq sotib olish, Istanbul va Qohirada nashr etilayotgan gazeta va jurnallarga esa obuna bo‘lish mumkinligini aytgan.

Qiziqish doirasi g‘oyat keng bo‘lgan Behbudiy kutubxonaga kelgan vatandoshlarining ham dunyoqarashi va bilim doirasi keng bo‘lishi uchun kutubxonaga jahon, xususan, Sharq tarixi, dini va madaniyatiga doir ko‘plab kitoblarni olib kelgan.

«Oyna» jurnalida e’lon qilingan xabarlardan birida aytilishicha, kutubxona fondida uch jildlik «Tarixi madaniyat», «Tarixi islom», «Buyuk tarixi umumiy», «Tarixi istiqbol», «Turk tarixi», «Zafarnomai shohiy», «Xulosai tarixi madaniyat», «Oynai tarixi usmoniy», «Madaniyati islomiya tarixi», «Temurlang», «Yigirmanchi asrda olami islom va Ovrupo», «Tarixi kashf ul-Amriqo», «Tarix Eron», «Tarixi Eroni buzurg» singari asarlar bo‘lganki, ularni birinchi navbatda Behbudiyning o‘zi o‘qib yoki varaqlab chiqqanligi shubha uyg‘otmadi.

NAIM KARIMOV: «MAHMUDXO‘JA BEHBUDIY»