Get Mystery Box with random crypto!

​​​​KUTUBXONA SHAKLIDAGI KITOB Nazar Eshonqul – zamonamizning | «Аkademnashr» nashriyoti

​​​​KUTUBXONA SHAKLIDAGI KITOB

Nazar Eshonqul – zamonamizning faylasuf yozuvchilaridan biri. Yozuvchi hamisha harakatda: ijodiy ishlari bilan o‘quvchini xursand qilishni yaxshi ko‘radi. Ijod bilan birga ijod laboratoriyasidagi jarayonlarni, adabiyot va san’at haqidagi mulohazalarini muntazam qog‘ozga tushirib boradi. “Mendan mengacha”, “Ijod falsafasi” kitoblari haqiqiy adabiyot o‘quvchilari uchun o‘ziga xos qo‘llanma bo‘lgan. Yaqinda shu ro‘yxat tag‘in boyidi.

“Kitob bandasi” nomli yangi kitobida muallif mutolaa jarayonida o‘zi zavq olgan kitoblarni nafaqat kitobxonga tavsiya qiladi, balki, asarlarning g‘oyasini sharhlaydi, obraz va timsollarni tahlilu tadqiq etadi. Bu asarlar yozuvchining ijodiga ham o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatgan.

Dunyoning eng sara asarlari haqida o‘y-fikrlar jamlangan boshqa bir kitob yodimga kelmadi. “Kitob bandasi” – o‘zbek tilida muqobili yo‘q kitob. Shu jihatdan yozuvchi hali hech kim qo‘l urmagan yaxshi bir ishni amalga oshirdi.

Kitobdan, shuningdek, muallifning Murod Muhammad Do‘st, Rauf Parfi, Abdulla Oripov, Ahmad A’zam, Faxriyor, Qozoqboy Yo‘ldoshev, Temirpo‘lat Tillayev ijodi va shaxsi haqida yozilgan maqolalari ham o‘rin olgan. Yozuvchi bu insonlarni “kitob bandalari” deb atagan.

Adabiyot yoki san’at bilan jiddiy shug‘ullanaman degan inson Nazar Eshonqulning “Kitob bandasi” kitobini o‘qishi lozim, deb o‘ylayman. Chunki bu kitob dunyo adabiyotining eng sara asarlarini tushunish va anglash yo‘lida o‘ziga xos tuynuk vazifasini bajaradi. Kitobni o‘qiy boshlagan kishi o‘zini kutubxonaga tushib qolganday his qiladi. Kitobga xuddi kutubxona shaklida tartib berilgan.

Kitob qanday o‘qilishi kerak? Kitobni o‘qib, u haqidagi fikrlarni qanday qog‘ozga tushirish mumkin? Asarning xulosasini uqish, ramz va obrazlarning ma’nosini tushunish uchun nima qilish kerak? Inson o‘zida fikrlash mexanizmini qanday ishga tushiradi? Bu asar bilan yozuvchi nima demoqchi? Bu kabi savollarga javob topish uchun “Kitob bandasi”ni o‘qishga to‘g‘ri keladi.

Xurshid Abdurashid

—————————
Manzil: Chilonzor, So'galli ota - 5.
Xarid: t.me/akademsavdo

Telegram | Instagram | Facebook