Get Mystery Box with random crypto!

Qo'shnilar haqida rivoyat Boy bilan miskin kishi qo'shni e | Master English Academy

Qo'shnilar haqida rivoyat

Boy bilan miskin kishi qo'shni edi bir zamon
Bir birlariga doim oqibatli mehribon
Hatto bolalari ham birga edilar har choq
Goh u, goh bu hovlida o'ynashib berkinmachoq
Boy bilardi, qo'shnisi yashardi kamtar,yupun
Dasmoyasi bir arqon, terib sotardi o'tin
Ne bo'lar o'tin puli, axir uyda sakkiz Join
Boy kambag'al qo'shniga qilib turardi ehson
Boy o'ylardi bolalar gohida urushganda
Bergan narsalarimni qilmasinlar pisanda
Hech bir jonga bildirmay ul-bul olib bozordan
Kirgazib turar edi begona xizmatkordan
Boyning xizmati bilan qutga to'lib ayvoni
O'tinchining har kuni qaynar edi qozoni

Bir kuni boy ish bilan uzoq bir yurtga ketdi
Yo Qashqar, yo Misrga, va yoki Turkka ketdi
Safari sal cho'zilib o'zga yurtda qoldi boy
Charchab qaytdi uyiga bo'lganida olti oy
Xotiniga ob qo'y deb aqcha berdi xaltada
Dedi: Bu Hajning puli, jo'nayman shu haftada
Xotinidan so'radi yechayotib mahsini
Tinchlikmi mahallada, qo'ni-qo'shni yaxshimi
O'tinchi qo'shnim qalay bolalari omonmi
Xotini dedi: ''Yaxshi, buncha koyitmang jonni
Bir qizchasi o'lgandi qabristonga eltishdi
Shundan keyin negadir birdan boyib ketishdi
O'g'lingiz kirgan ekan bu yoqqa kel demabdi
Yeyayotgan go'shtidan biror tishlam bermabdi
Bolam yegisi kelib yig'lab kirdi uyimga
O'shandan beri o'ylab yetolmayman o'yimga
Mo'min odamning axir bo'lmasmi qo'li ochiq
Qo'shningiz boyib ketgach bo'lib qoldi qizg'anchiq''

Boy shod bo'ldi harqalay o'tinchi och qolmabdi
Ammo go'shtni boladan qizg'angani bo'lmabdi
Boy safardan qaytganin yon qo'shnisi bildiyu
Ziyorat qilish uchun boynikiga chiqdi u
Salomlashib o'tirib, suhbatlaahgandan keyin
Boy debdi qo'shnisiga, "Bir gapim bor aytayin,
Go'sht yeb turgan ekansiz kirgan ekan o'g'ilcham
Xafa bo'libdi unga bermabsiz biror tishlam"
O'tinchi dedi " Uzr, qo'shnijon ayb bizda
Uch oy juda qiynaldik siz safarda yurganda
O'zim kasal bo'lgandim halovatim buzildi
Och qoldik, bir qizchamning "non" deb joni uzildi
So'ngra chiqdim uyimdan qo'limda arqon bilan
Dalaga chiqdim uyga zora qaytsam non bilan
Xarom o'lgan bir eshak chiqdi shundoq yo'limdan
Bolalarimni eslab bir gap o'tdi ko'nglimdan:
"Ochlikdan o'ldi qizim, xotinim ham o'soldir
Ey Alloh, endi bizga shu o'laksa haloldir"
Olib keldim uyimga shu eshakni nimtalab
Tuzlab qo'ydim bir xumga go'shtni burda burdalab
Ochlikdan bolalarim bo'ldi suyagu teri
Yemishimiz o'sha go'sht, mana, uch oydan beri
Xaromligin bilganda o'g'lingiz go'sht demasdi
Sizga xarom ediyu bizga xarom emasdi"

Qo'shnisin kuzatdiyu, boydan chiqdi isitma
Safarga bormay o'lay nima qilib qo'ydima
Shularga tashlab ketsam yegulik bo'lmasmidi
Och qolmaganda balki qizaloq o'lmasmidi
O'laksa yeb o'tirsa ochlikdan qo'shnim mani
Safarda Haj-u Umra qilishimdan ne ma'ni
Boy qo'shnisin chaqirib bor pulini tutqazdi
Bolalarin ham uning atrofiga o'tqazdi
Labbayka deb Ka'baning qilganday tavofini
Yetmish marta aylandi ularning atrofini

Uch kundan so'ng Hojilar ketishdi Haj qilgani
Ketishdi Alloh uchun mol jonin harj qilgani
Bir oy deganda bir bir qaytib keldi Hojilar
Do'konda boyni ko'rib hayron bo'lishdi ular
"Hojim, Ka'batullohdan qachon qaytib keldingiz?
Qanot chiqdimi yoki shamol bo'lib yeldingiz
Axir aytgandingizku o'n-o'n besh kun qolaman
Sizlar boraveringlar sizdan keyin boraman"
Boy hayron, derdi: "Axir borganim yo'q Hajga man"
Hojilar uning so'zin olishmasdi aslo tan
"Axir Ka'batullohni birga tavof qildikku,
Namoz vaqtida besh vaqt yonma-yon o'tirdikku,
Hojim omonatingiz, mana- tugunni oling
Yo'lda charchab qolibsiz, biz ketdik, yaxshi qoling"
Boy tugunni bag'riga bosdiyu chopdi uyga
Yo'lda ko'rgan odamlar bari ergashdi unga
Farishtalar tuggan bu tugunda ne yo Olloh
Joynamozmi, kitobmi, libosmi yo to'tiyo
Chap ko'ksida yuragi pitirlardi misli qush
Uyiga kelib ochsa, nafis mato- Ka'bapo'sh
Allohu akbar deya yig'lab qildi munojot
Bir gunohkor bandangga Rabbim, bu ne inoyat
Axir nodonligimdan so'ldirdim gul g'unchasin
Bo'ynimdaku uvoli, yon qo'shnimning qizchasin..
Mushku anbar hidiga to'ldi boyning hovlisi
Yig'ildi uzoq yaqin, va o'tinchi qo'shnisi