Get Mystery Box with random crypto!

Alloh uchun sevmoq... Hammamiz Alloh uchun sevmoqni davo qila | Unique’s world

Alloh uchun sevmoq...

Hammamiz Alloh uchun sevmoqni davo qilamiz-ku, lekin uning shartlarini deyarli eslamaymiz ham.

Aslida “Alloh uchun sevaman”, demoq buyuk bir ma’sulyatni yuklaydi zimmamizga.

Alloh uchun ko‘ngil qo‘ymoq nima edi o‘zi?
Alloh uchun muhabbatlashmoq-ibodat edi, shon-sharaf edi, boshi imtihon oxiri jannat edi, iymon halovatini topmoq edi, son-sanoqsiz sinov edi va agar sinovlardan birga o‘tilsa Allohning jamolini ham birga sayr etmoq edi.

Alloh qiyomat kuni “Qani mening roziligim va jamolim uchun bir-birini yaxshi ko‘rganlar”, deganda “Labbayka Allohumma labbayk”, deya olomon ichidan sharaf bilan otilib chiqib, Muhabbati sababli Allohning soyasidan boshqa soya yo‘q bo‘lgan kunda, birgalikda U Zotning soyasida najot topmoq edi.


Birinchi yiqilishda voz kechib ketish emas, agar tutib qolishga qodir bo‘lmasa, birga yiqilib, birga oyoqqa turmoq edi. Xato qilganda malomatlab, sharmanda qilib yuz o‘girmoq emas, go‘zal nasihat bilan jannat yo‘liga boshlamoq edi.

Alloh uchun sevgani uchun, do‘stining yoki juftining xatolarini fazilatlari bilan satrlamoq edi.

Yig‘laganda-yig‘lamoq, og‘riganda-og‘rimoq, kulganda-kulmoq edi. O‘zi sevganni u uchun yurakdan ravo ko‘rmoq edi.

G‘aming-g‘amim, darding-dardim, musibating-musibatim, jarohating-og‘rig‘im, tabassuming-baxtim demoq edi.

Jannatda biri boshqasini topolmasa, Allohdan so‘roqlashga va’dalashmoq edi. Qiyomatda ota farzanddan, farzand onadan qochadigan pallada Alloh uchun muhabbatlashganlar bir-birini qidirmoq edi.

Alloh uchun boshlangan hamma ishning albatta sinovi bo‘ladi. Mana shu sinovda
“Sening dastingdan boshimga shuncha balo keldi, sen aybdorsan”, deya ahdidan qaytmoq emas, “Alloh meni sen orqali sinayapti, Alloh uchun bog‘lanmoqning badali jannat bo‘lgandan keyin, imtihoni ham unga yarasha og‘ir bo‘ladi”,deya yelkama-yelka u sinovdan oshib o‘tmoq edi.

Agar Alloh uchun sevishga kuchingiz yetmasa, bu muhabbatni davo ham qilmang.
Chunki Alloh uchun sevmoq nafaqat qiyomatgacha balki qiyomatdan keyin ham, jannat bog‘larida davom etadigan muqaddas rishtadir.

Axir Alloh uchun sevishdan ham sharafliroq muhabbat bormi bu dunyoda...


Manba: @alkitab_uz