🔥 Burn Fat Fast. Discover How! 💪

​#bilasizmi Baroat kechasi Ali roziyallohu anhudan rivoyat q | Powerful IELTS

​#bilasizmi

Baroat kechasi

Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

"Qachon Sha’bon yarimi kechasi bo‘lsa, uning kechasini bedor o‘tkazinglar, kunduzining ro‘zasini tutinglar. Chunki o‘shanda Alloh quyosh botishi paytida dunyo osmoniga tushadi va:
"Qani, istig‘for aytuvchi bormi? Men unga rizq berurman. Qani, baloga uchragan bormi? Men unga ofiyat berurman. Falonchi qani, fistonchi qani?" deydi. Toki, tong otguncha shundoq bo‘ladi", dedilar".

Ibn Moja rivoyat qilgan.

Hazrati Alidek ulug‘ sahobiy bunchalik ahamiyatli gapni o‘zlaridan aytmaydilar. Albatta, bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan bir narsa eshitganlar va o‘sha eshitganlarini o‘z iboralari bilan ifoda etganlar.

Ushbu rivoyatga binoan, Sha’bon oyining qoq yarimining kechasi ham, kunduzi ham ulug‘ va barakot vaqtlar ekanligi kelib chiqadi.

Shu sababdan ham hazrati Ali roziyallohu anhuning tavsiyalariga binoan, kunduzni ro‘za, kechasini bedorlik ibodati bilan o‘tkazishga harakat qilmoq kerak bo‘ladi.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

"Nabiy sollallohu alayhi vasallamni kechalardan birida yo‘qotib qo‘ydim. So‘ng u kishini izlab chiqdim. Qarasam, U zot Baqiy’da boshlarini ko‘tarib osmon tomoniga qarab turgan ekanlar:

"Ey Oisha, Alloh va Uning Rasuli sendan chetlashidan xavf qildingmi?", dedilar.

"Siz ba’zi ayollaringizga borgansiz, deb gumon qiluvdim", dedim.

"Albatta, Alloh Sha’bonning yarimidagi kechada dunyo osmoniga tushadir va Kalbning qo‘ylari juni adadidan ko‘proqni mag‘firat qiladir", dedilar".

Ibn Moja, Termiziy va Ahmad rivoyat qilgan.

Baqiy’ – Madinai munavvaradagi mashhur qabriston. Barcha Madinada vafot etgan sahobalar shu qabristonga dafn etilganlar. Zotan, Madinai munavvarada boshqa qabriston yo‘q ham.

"Kalb" – mashhur arab qabilasi bo‘lib , o‘sha vaqtda Bani Kalb qabilasi eng qo‘yi ko‘p qabila bo‘lgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Sha’bon oyi yarimida Alloh taolo juda ham ko‘p gunohlarni mag‘firat qilishini ifodalab o‘sha qo‘ylarning juni adadidan ham ko‘proq deb esga olganlar.

O‘ylab ko‘radigan bo‘lsak, bir dona qo‘yning jun tolalari qancha bo‘lishini sanashning o‘zi qiyin. Arab qabilalari ichida eng ko‘p qo‘yli qabilaning qo‘ylari jun tolasi qancha bo‘lishini tasavvur qiling. Bu o‘sha kecha juda ham fazilatli ekaniga dalolatdir.

Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:

- Kechasi qabristonga kirish, osmonga qarab turish mumkinligi.
- Oisha onamizda qizg‘anish borligi. Payg‘ambarimizni ba’zi xotinlari oldiga ketgan bo‘lsalar kerak, deb ortlaridan izlab chiqishlari shuni ko‘rsatadi. Bu esa ayb emas, balki tabiiy bir hol. Balki me’yorida bo‘lsa, ayol kishining ziynati ham.
- Payg‘ambar alayhissalomning Oisha onamiz roziyallohu anhoning ruhiy holatlarini yaxshi tushunganlari.
- Sha’bon yarimidagi tun fazilatli kecha ekani.
- Mazkur kechada ko‘plab gunohlar mag‘firat qilinishi.
- Sha’bonning yarimidagi kechada bedor bo‘lib ibodat, istig‘for va duo bilan mashg‘ul bo‘lish kerakligi.

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

"Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Alloh Sha’bon yarimidagi kechada qarab ko‘rib jamiki maxluqotlarini mag‘firat qilur. Magar mushrik va xusumatchi bundan mustasnodir", dedilar.

Ibn Moja va Ahmad rivoyat qilishgan.

Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:

- Sha’bonning yarimidagi kecha fazilatli ekani.
- Mazkur kechada Alloh maxluqotlariga nazar solib qarab, hammalarining gunohlarini kechirishi.
- Mushriklik va xusumatchilik juda yomon narsa ekani.

Demak, Sha’bon oyi yarimlaganda ibodat qilib mazkur va’da qilingan ajr-u savob hamda mag‘firatlardan bahramand bo‘lib qolish kerak. Ana shundoq fazilatli vaqtda gunohni mag‘firat qilinishiga mone’ bo‘lguvchi mushriklik va xusumatchilikdan uzoqlashmoq kerak.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh

Telegram | Facebook | Instagram | YouTube