🔥 Burn Fat Fast. Discover How! 💪

​​#JeSuisUyghur #menuygurman UYGʻURLARIM Turkistondan qudrat | Arxiv

​​#JeSuisUyghur #menuygurman

UYGʻURLARIM

Turkistondan qudrat ketdi, fikrat ketdi,
Choʻlpon ketdi, Sogʻuniy-u Fitrat ketdi.
Kelaverdi bu millatga saf-saf daho,
Barin yutdi zulm purkagan ajdaho.
Ketdi koʻzi ochigʻlarim, buyuklarim,
Yigʻlab-yigʻlab qoldi koʻksi kuyuklarim.

Uygʻur ogʻam, na koʻmakka yarar boʻldim,
Na koringni, na holingni soʻrar boʻldim.
Sen ham qoʻli bogʻliq boʻlding, men ham bogʻliq,
Sen ham koʻksi dogʻliq boʻlding, men ham dogʻliq.
Tilim qani, holingni bir soʻray bilsam,
Qoʻlim qani, himoyangga yaray bilsam.

Jaholatga panoh boʻlgan, ay zaminim,
Bu zulmga bormi toʻxtov, bormi tinim.
Turkiston yurt tuprogʻini bulgʻamishlar,
Zaminimning koʻkragiga qadab nishlar.

Turkistonni boʻlib-boʻlib xoʻrladilar,
Istehzoli kulib-kulib xoʻrladilar.
Qondosh degan bir-biridan yot boʻlganda,
Oson kechdi, bitta-bitta zoʻrladilar.

Temur koʻrsa kulmaydimi holimizni,
Buncha shirin koʻramiz shu jonimizni?
Ogʻasini, inisini axir inson,
It tagiga tashlab qoʻygan qaysi zamon?
Bir-biriga esh boʻlmayin tursa agar,
Bir boʻlarmi turkiy millat – jon jigarlar!

Haq mazlumga najot yoʻlin koʻrsatguvchi,
Sabil ketmas iymon kuchi, vijdon kuchi.
Uygʻurimga Olloh oʻzi yordamchidir,
Sabr bersin, jon jigarim, ozroq chida...
Koʻrguliklar oʻtar kun ham yaqindir-o...
Bu xoʻrliklar bitar bir kun, inshaallo.

Zulumotning adogʻiga yetguncha yoʻl,
Bardoshli boʻl, bardoshli boʻl, bardoshli boʻl...

... Turkistondan qudrat ketdi, fikrat ketdi,
Choʻlpon ketdi, Sogʻuniy-u Fitrat ketdi.
Turkistonni Rabbim oʻzi yana siylar,
Kelar yana Fitrat, Choʻlpon, Sogʻuniylar.

Xurshid Abdurashid