Get Mystery Box with random crypto!

​​Mutolaa jarayoni men uchun yoqimli sarguzasht. Agar u tarixi | «Аkademnashr» nashriyoti

​​Mutolaa jarayoni men uchun yoqimli sarguzasht. Agar u tarixiy asar bo‘lsa ikki karra rohat. Tekin, beminnat bilim. Alhamdulillah, bugun yana bir yaxshi kitobni o‘qib tugatdim. Jiddiy, tarixiy sarguzasht asar. Bugun erta tongda ana shu sarguzashtim va nihoyat so‘nggi manziliga yetdi. Fikrlarimni yozmasam bo‘lmaydi)

Bu asar tarixning juda yashirin bo‘lmasada , lekin ko‘pchiligimizga noma’lum bo‘lgan sahifalarini yuz ko‘zimizga tutadi. (Bu haqda birozdan keyin to‘xtalaman) Uni o‘qib o‘tmishdan bilim, ibrat, saboq oldim. Uzoq o‘tmishimizning men bilmagan sahifasi ko‘z oldimda jonlanib ketdi.

Men ham barcha kitobxonlar qatori Xorazmshoh-Chingizxon, Manguberdi-Chingizxon o‘rtasidagi janglarning oqibatlarinigina bilardim xolos. Holbuki, Xorazmshoxlar va chingiziylar o‘rtasidagi ayovsiz kurash Jaloliddin Manguberdidan keyin ham davom etgan. Hattoki, keyingi davrlardagi janglar ancha shiddatli, natijalar hayajonli, o‘qib, bilib entikib ketasiz.

Tarixda afsonaviy sultonlardan Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Temur, Mirzo Bobur... va yana kim? Ro‘yxatga yana kimlarni qo‘shamiz?

Kimsan mo‘g‘ullarni yer tishlatgan, ularning ustidan zafar quchgan va islom o‘lkalariga ularning shum qadamini kesgan, chingiziylarning vaxshiyona maqsadlarini yo‘qqa chiqargan yana bir jasur sarkarda haqida hikoya qilingan men aytayotgan asarda. Bu bahodirning ismi Sayfiddin Qutuz.

Men bu tarixiy shaxsni yaqindan bilib, vataniga , oilasiga, yaqinlariga bo‘lgan mehri, jasorati, mardligi , tadbirkorligi va odilligi uchun yaxshi ko‘rib qoldim. Movarounnaxrni bir xovuch tuprog‘i uchun beshafqat, ko‘zlari qonga to‘lgan mo‘g‘ullarga ham bas kela olgan bu shaxsning jasoratidan faxrlanib ketasiz.

Odatda tarixiy asarlarda ba’zan biz kitobxonlar keragidan ko‘proq badiiy bo‘yoqlarga guvoh bo‘lamiz. Xo‘sh, yozuvchi tarixni istaganicha o‘zgartirib yozishga haqqi bormi?

Kecha yozuvchi, adabiyotshunos, tarjimon Ulug‘bek Hamdam bilan suhbatlashganimda, ustoz ham ana shu mavzuda gapirib qoldilar. Nega adib tarixni istaganicha bitishi kerak? Qalamning yuki, mas’uliyati , kitobxonlarning oldidagi javobgarligi... Bular uchun keyin kim javob beradi. Istaganicha yozaveradigan adib kelajak oldida javobgar bo‘lib qolmaydimi?

“Xaloskor sulton Sayfiddin Qutuz” bu kamchiliklardan butunlay xoli. Hatto muallif badiiy to‘qimaga berilmay tarixiy haqiqatga bo‘ysunganiga guvoh bo‘ldim. Bir tomonda salibchilar, boshqa tomonda vahshiy mo‘g‘ullar iskanjasida qolib ketgan musulmon olamining taqdirini o‘ylab “tipirchilab” qoldim. Yakunida esa o‘sha men tahmin qilgan yoqimsiz holat baribir yuz berdi. Qutuz ham afsuski bobosi Xorazmshox va tog‘asi Jaloliddin kabi ehtiyotsizlikka (balki hatoga ) yo‘l qo‘ydi. Sotqin va xoin, nafsiga qul bo‘lgan Biybarsning xiyonati oqibatida ulkan saltanat adolatli sultonidan ayrildi. Ammo Qutuz mo‘g‘ullarni yer tishlatgan afsonaviy sarkarda, xaloskor sulton sifatida tarixga muxrlandi.

To‘g‘ri muallif badiiy to‘qimaga erk berishni istamagan. Lekin, men uchun baribir ayrim taqdirlar ochiq qoldi. Masalan, Movaraunnahr zaminiga mo‘g‘ullar qadami yetgach, barcha shahzodalarni qatl etilishini bilgan Xonsulton (Sayfiddinning onasi, Jaloliddin Manguberdining singlisi) farzandini ilon chaqib olamdan o‘tdi deya, aslida esa uni o‘zga yurtga chiqarib yuborishni maqsad qiladi. O‘rniga esa boshqa bolakayning murdasi mo‘g‘ullarga ko‘rsatiladi.

Menda savol tug‘ildi, xo‘sh, u bolakay haqiqatdan ham ilon chaqib vafot etganmidi yoki Xonsulton shunga majbur bo‘lganmi? Ya’ni uning joriyasi Xadichaning ishimidi bu ? Chunki, Xadicha Xonsulton uchun jonidan ham kecha oladigan,ilon yog‘ini yalagan o‘ta sodiq joriya edi. Xonsulton, hatto Xadichaning keyingi taqdiri ham menga negadir qiziq tuyuldi. Ular faqat chingiziy shaxzodalarga joriya qilib berilgani yozilgan xalos.

Xullas, haqiqatdan ham o‘tmishning og‘ir va shonli kunlariga mazza qilib sayohat qilasiz. Men nasib qilsa shu asarga “Bitmas xazina” ning yangi sonida to‘xtalmoqchiman. Sizga yoqimli mutolaa!

Nigora Hasanova, jurnalist

Telegram | Instagram | Facebook