🔥 Burn Fat Fast. Discover How! 💪

​​Zikr va Zokirlar fazli haqida Alloh taolo: «Ey iymon keltir | Easy metodic

​​Zikr va Zokirlar fazli haqida

Alloh taolo:
«Ey iymon keltirganlar! Allohni ko'p zikr qilinglar. Va ertayu kech uni poklab yod etinglar», degan (Ahzob 41-42).
Allohni zikr qilish qalbni Unga bog'lashdir, U meni kuzatib turibdi, degan doimiy e'tiborda turishdir, Allohning buyruqlarini bir lahza ham esdan chiqarmay amalga oshirib borishdir.
Ha, mo'minlarning Allohni ko'p qilishlari matlub amaldir. Alloh ko'p zikr qilingandagina turli yolg'on, bo'hton, ig'vo, g'iybat, chaqimchilik kabi gunoh gap-so'zlar bizdan uzoqlashadi.
Allohni ko'p zikr qilgan odamning qalbida dunyoning, uning matohlarining zikriga joy qolmaydi.
Allohni ko'p zikr qilgan odamning qalbida turli ko'ngilxushliklarga, inson zehnini chalg'ituvchi maishatlarga joy qolmaydi.
Allohni ko'p zikr qilgan odamning qalbiga Allohning muhabbatidan boshqa muhabbat sig'maydi.
Allohni ko'p zikr qilgan odamning tiliga avvalo Allohning ismi jo bo'ladi. So'ngra bu muborak ism asta-sekin uning halqumiga, ko'ksiga va qalbiga yetib boradi. Bunday inson tili bilan Allohning ismini aytmasa ham, qalbi «Alloh, Alloh» deb turadi. Nihoyat, butun vujudi shu holatga yetadi. Ana shunda zokirlik maqomiga erishadi.
Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhi rivoyat qilgan hadisda quyidagilar aytiladi:
Rasulullohning huzurlariga bir a'robiy keldi. Ulardan biri:
«Ey Allohning Rasuli, eng yaxshi odam kim?», deb so'radi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Kimning umri uzoq bo'lib, amali yaxshi bo'lsa, o'sha», dedilar.
Ikkinchisi esa:
«Ey Allohning Rasuli, Islomning takliflari ko'paydi. Menga bir ishni amr qilingki, uni mahkam tutay», dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Doim tiling Allohning zikri ila xo'l bo'lsin», dedilar.
Ha, Allohning zikrini ko'p qilish mo'min bandani oliy maqomlarga erishtiradi.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
Robbingiz: «Modomiki, bandamning lablari meni zikr qilib qimirlar ekan, men u bilan birgaman» deydi, deganlar.
«Va ertayu kech Uni poklab yod etinglar».
Ertalab ham, kechqurun ham dunyoda katta o'zgarishlar ro'y beradi. Shuning uchun ham bu ikki vaqtda Allohni poklab yod etish alohida ta'kidlanmoqda.
Agar bandalar Alloh taoloni ko'p zikr qilib, Uni ertayu kech pok deb yod etsalar, mukofoti nima bo'lishi kelasi oyatda aytilmoqda:
«U sizlarni zulmatlarda nurga chaqirish uchun O'zi ham, farishtalari ham salovot aytadir. U mo'minlarga o'ta mehribon bo'lgan Zotdir». (Ahzob, 43)
Alloh taoloning bandaga salovot aytishi U zotning bandaga bo'lgan rahmatini bildiradi. Farishtalarning salovot aytishi esa, bandaga Allohning rahmati yog'ilishini tilab, duo qilishlarini anglatadi.
«U mo'minlarga o'ta mehribon bo'lgan Zotdir».
Shuning uchun Alloh taolo bandalarning zikriga muhtoj bo'lmasa ham, bandalar o'z foydalari uchun Uni zikr qilsalar ham, O'zini ko'p zikr qilgan, ertayu kech poklab yod etgan bandalariga O'zi salovot aytib, farishtalariga ham salovot ayttirmoqda. Bundan ortiq yana qanday mehribonlik bo'lishi mumkin?!
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisi qudsiyda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«Alloh taolo «Kim Meni ichida zikr qilsa, Men ham uni ichimda zikr qilaman, kim Meni jamoat ichida zikr qilsa, Men ham uni uning jamoatidan yaxshiroq jamoat ichida zikr qilaman», deydi», deganlar.
Bu farishtalar ichida zikr qilaman deganidir.
«U zotga yo'liqadigan kundagi so'rashishlari salomdir. Va ularga go'zal ajrni tayyorlab qo'ygandir». (Ahzob, 44)
Allohni ko'p zikr qiladigan, ertayu kech Uni poklab yod etadigan ana o'sha bandalarga Alloh taoloning O'zi va farishtalari salovot bilan birga ularning:
«U Zotga yo'liqadigan kundagi so'rashishlari salomdir».
Allohga yo'liqadigan o'sha mo'minlarning qiyomat kunida hol-ahvol so'rashlari salomdan iboratdir. Avvalo, mo'minlar salom berib kutib olinadi, qolaversa, ularga barcha xavfu xatardan, qiyomat kunining dahshatlaridan va do'zax azobidan salomatlik ato etiladi.
«Va ularga go'zal ajrni tayyorlab qo'ygandir».
Va Alloh taoloning O'zi bunday zokir bandalarga go'zal ajrni — jannatni tayyorlab qo'ygandir.

"Hadis va Hayot" kitobidan