Get Mystery Box with random crypto!

​​Sabrni oʻrgansa boʻladi dunyo, Minglab talofatlar koʻrgan Ya | Halal Japan

​​Sabrni oʻrgansa boʻladi dunyo,
Minglab talofatlar koʻrgan Yapondan,
Iymondan habari yoʻqku-ya ,ammo,
Insof neligini oʻrgan Yapondan.


Almisoqdan qolgan, yaxshiyam qolgan,
Bilmam, bu hislatni qayerdan olgan,
Nima boʻlganda ham, ishlatmas yolgʻon,
Toʻgʻri soʻzlik nima oʻrgan Yapondan.

Kasblarning ulugʻi, eng chiroyligi,
Yaponda oʻqituvchi millat boyligi,
Obroʻyidek baland hatto oyligi,
Ustozga hurmatni oʻrgan Yapondan.

Badavlat, oʻrtaxol yoki faqirmi?
Ziyoli, yo omi, mutaffakirmi?
Dehqon, ishchi, ishsiz, hatto vazirmi,
Tenglik nimaligin oʻrgan Yapondan.

Qarang boshlangʻichda maktab bolasin,
Oʻzi tozalaydi sinf xonasin,
Intizomin koʻring, jajji bolasin,
Farzand tarbiyasin oʻrgan Yapondan.

Metroda yosh, qari, yo goʻdak bola,
Kitob oʻqib ketar koʻzlari yona,
Har doim tiqilinch har kutubxona,
Kitobni sevishni oʻrgan Yapondan.

Ahir asrash kerak deb tabiatni,
Tizimlarga solib toʻkar ahlatni,
Deysan:
Ahlat toʻkishmi bu yoki sanʼatmi?
“Musor toʻkish“ fanin oʻrgan Yapondan.

“Toza Tokiolik“ degan gapi yoʻq,
Qishloqi, shaharlik degan gapi yoʻq,
“Quruq“ yo “avatar“ dek laqabi yoʻq,
Mahalliychilik yoʻq, oʻrgan Yapondan.

Hech qachon birovni gʻiybat qilmaydi,
Toʻplanib nokerak suhbat qilmaydi,
Ichi qoralik yoʻq, tuxmat qilmaydi,
Goʻzal hislatlarni oʻrgan Yapondan.

Hozir boryabman deb bir yarim soat,
Kuttirmas , kutmaydi, yoʻq bunga toqat,
Bir “minut“ kechikish katta “falokat“ ,
Daqiqa qadrini oʻrgan Yapondan .

Hatto kampir, chollar “ velik“da yurar,
Toʻqsondan oʻtsa ham “dirkillab“ turar,
Dunyoda hammadan koʻp umr koʻrar,
Sogʻlom turmush tarzin oʻrgan Yapondan.

Boqimanda boʻlib oʻsmas yoshlari,
Qiynalib oyoqqa turadi bari,
Balkim, shunga koʻpdir “Nobelchilari“,
Chiniqish neligin oʻrgan Yapondan.

Qoyilmaqom juda “servis“u xizmat,
Xaridor xurmati togʻlardan baland,
Tomib gapiradi ogʻzidan bol-qand,
Biznes neligini oʻrgan Yapondan.

Boyu kambagʻali bari kibrsiz,
Biror bir gapini aytmas “uzr“siz,
Muloyimligidan topib huzur, siz.
Muomala madaniyatin oʻrgan Yapondan.

Isrofgarchiikdan oʻynamas poyga ,
Umuman hashamat qilmaydi uyga,
Millionlar sarflamas bir kunlik toʻyga,
Bozor-Iqtisodni oʻrgan Yapondan.

Mehnat, mehnat deya yurgan Yapondan,
Doim navbatlarda turgan Yapondan,
Davlatini noldan qurgan Yapondan,
Vatanparvarlikni oʻrgan Yapondan.
Vatanparvarlikni oʻrgan Yapondan.

Xabari boʻlganda agar Islomdan,
Buyuk xalq boʻlmasdi aniq Yapondan....

Bahodir Iskandarov
2019.03. 28.

#LirikChekinish

#BahodirIskandarov
#YaponiyaSadosi

Yaponiyaga oid she'rlar kanali
https://t.me/joinchat/AAAAAFAYITyPrvHdJNsAOA


Telegram | Facebook | Instagram