2022-06-21 07:33:30
Prezident Shavkat Mirziyoyev:
“Xabaringiz bor, biz xalqimiz bilan maslahat qilib, Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha keng qamrovli islohotlarni boshladik.
Eng muhimi, o‘tgan 6 yil mobaynida butun jamiyatimiz qayta uyg‘ondi, odamlarimiz yangicha fikrlash, ishlash va yashashga intilmoqda.
Bugun mana shu demokratik yangilanish jarayonlariga yangicha ruh va shiddat berish, islohotlarimizni yana-da chuqurlashtirish zarurligini barchamiz yaxshi anglab turibmiz.
So‘nggi yillarda fuqarolarimiz tomonidan amaldagi Konstitutsiyani yana-da takomillashtirish bo‘yicha ko‘plab taklif va mulohazalar bildirilmoqda.
Xususan, o‘tgan yili Prezident saylovoldi uchrashuvlarida saylovchilar tomonidan Asosiy qonunimizni bugungi hayot talablariga mos holda yangilash masalasi ko‘tarilgan edi.
Saylovchilarimizning shu boradagi xohish va istaklarini amalga oshirish uchun Oliy Majlis palatalari tomonidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, faoliyat boshladi. Qisqa davrda Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi".
“Barcha fuqarolarimiz kabi men ham bu muhim jarayonlarni diqqat bilan kuzatib boryapman. Aholimiz, jamoatchiligimiz vakillarining konstitutsiyaviy islohotlarga befarq bo‘lmasdan, o‘z taklif va mulohazalari bilan faol qatnashayotgani barchamizni quvontiradi.
Albatta, konstitutsiyaviy islohotlarimiz Vatanimiz taqdiri va kelajagi uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masaladir.
Shu bois, bugun siz, hurmatli komissiya aʼzolari bilan bevosita uchrashib, fikr almashishni zarur, deb hisobladim.
Biz Konstitutsiyani takomillashtirish bo‘yicha yangi va juda masʼuliyatli bosqichga qadam qo‘ymoqdamiz.
Bugungi kun holatiga ko‘ra, Komissiyaga fuqarolarimizdan 48 ming 492 ta taklif kelib tushgani ham konstitutsiyaviy islohotlar obyektiv hayotiy zarurat sifatida kun tartibiga chiqayotganini yaqqol namoyon etmoqda.
Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan tayyorlangan takliflar chuqur muhokamadan o‘tkazildi va hozirda Qonunchilik palatasiga kiritish bosqichida. Endi qonun, reglament asosida muhokamalardan o‘tkaziladi".
Manba
434 views04:33