2022-06-03 14:36:34
USTOZ ERKIN VOHIDOV G‘AZALIGA MUXAMMAS
Bu chin izhor, bu chin iqror: seningdirman, seningdirman,
Bo'lay sobit va yo sayyor, seningdirman, seningdirman,
Magar sog'man va gar bemor, seningdirman, seningdirman,
Vatan, to tanda jonim bor, seningdirman, seningdirman,
Tanim xok o'lsa ham sen yor, seningdirman, seningdirman.
Raqib tegsa hamiyatga dilimni qo'zg'agan orsan,
Yigitlik sozida baravj vafoni kuylagan torsan,
Ajab ruhiy safo mavjud, vujudim ichraki yorsan,
Jahon kengdir, falak kengdir, yurak kengdir chu sen borsan,
Seningsiz ikki dunyo tor, seningdirman, seningdirman.
Agar xosman – senga mosman, senga xoslik ulug' ne'mat,
Teray rizqimni kiprik-la quchog'ingda qilib g'ayrat,
Sening ishqingki beta'ma, sening mehringki beminnat –
Menga begona ellarda nasib gar o'lsa yuz rohat,
Chekay bag'ringda ming ozor, seningdirman, seningdirman.
Qadimdan bu qadim g'ozdir: meningdirsan, meningdirsan,
Boshim mag'rur, sarafrozdir, meningdirsan, meningdirsan,
So'zim darding-la mumtozdir, meningdirsan, meningdirsan,
Agar shodliklaring ozdir, meningdirsan, meningdirsan,
Magarkim g'amlarim bisyor, seningdirman, seningdirman.
Senga manzur bitik bitsam salaflardin bo'lak, ayru,
Shudur oliy menga matlab, biroq undan buyuk orzu –
Sadaf bag'rida dur yanglig' nihon tutgan duoim bu –
Bugun bor, erta yo'q jismim, vale ruhim uchun mangu
Sening manguliging darkor, seningdirman, seningdirman.
Abad jisminga mos isming qolur jon toqida zarnaqsh,
Senga Rustam bu taxmisni umid birlan etibdur baxsh,
Sharaf – dil ko'ziga garding surishkim to'tiyo aylash,
Sening ishqing bilan yondim, ketar jonimda bu otash,
Seningdirman, yana takror, seningdirman, seningdirman.
2018-yil
Joriy yil 30-may kuni O'zbekiston xalq shoiri, Qahramoni ustoz Erkin Vohidov xotirasiga bag'ishlangan Adabiy tur doirasida poytaxtimiz "Magic city" bog'ining yozgi amfiteatridan esdalik.
Rustam Mirvohid
@Rustam_MIRVOKHID
321 viewsNigora Umarova, 11:36